Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bilan tabrikladi

eʼlon qilindi
Keyingi yetti yil davomida 60 mingdan ortiq O‘zbekiston musulmonlari Haj ziyoratini ado etgan
Foto: Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqi, xorijdagi vatandoshlar va musulmonlarni Qurbon hayiti bilan tabrikladi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

«Siz, azizlarni, butun xalqimizni tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik fazilatlaridan tobora obod va munavvar boʻlayotgan yurtimizga kirib kelgan Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman», dedi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalq hayotida ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat va oliyjanoblik ramzi sifatida mustahkam qaror topgan Qurbon hayiti bugungi kunda biz uchun barcha sohalarda inson qadri yetakchi o‘ringa chiqayotgan Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar mazmuniga naqadar uyg‘un va hamohang ekani bilan yanada ahamiyatli bo‘lib bormoqda.

«Barchamiz hamjihat bo‘lib, boshlagan islohotlarimizni yanada qat’iy davom ettirsak, bu ulug‘ maqsadga so‘zsiz yetamiz. Farzandlarimizni albatta bilimli, hunarli, odobli insonlar, chinakam vatanparvar avlod etib voyaga yetkazamiz», dedi prezident.

Qayd etish joizki, keyingi yetti yil davomida O‘zbekistonning 60 mingdan ortiq musulmonlari Haj ziyoratini ado etgan. Shu kunlarda yana 15 ming nafar fuqaro musulmonlar uchun ikki muqaddas shahar – Makka va Madinani ziyorat qildi.

Eslatib o‘tamiz, Qurbon hayiti bayrami 16-iyun kuniga toʻgʻri keladi.

Avvalroq «Kursiv» Qurbon hayitida aholi necha kun dam olishini e’lon qilgan edi.

Shuningdek