Sir tutiladigan axborotlarni oshkor qilganlik uchun jazo og‘irlashtirilishi mumkin
O‘zbekistonda tijorat sirlarini tarqatish bilan bog‘liq qonunchilikni qat’iylashtirish rejalashtirilmoqda. Qonun loyihasi Markaziy bank tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portalida e’lon qilindi.
Mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 191-moddasida bank, soliq, sug‘urta siri yoki boshqa shu kabi axborotdan noqonuniy foydalanish uchun jazo choralari kuchaytiriladi. Jinoyat uchun bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan (34 mln so‘m) ikki yuz ellik baravarigacha (85 mln so‘m) miqdorda jarima yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi. Jiddiyroq qoidabuzarlik sodir etilgan taqdirda, jazo yanada qattiqroq bo‘ladi.
Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-moddasida sirlar, yozishma va fuqaroning manfaatlariga zarar yetkazadigan ma’lumotlarni oshkor etishga oid qonunbuzarlik holatlari uchun javobgarlik takomillashtiriladi.
Qonun loyihasini shakllantirish doirasida Armaniston, Rossiya, Ozarbayjon kabi o‘nlab davlatlar qonunchilik hujjatlari ko‘rib chiqildi.
«Qonun loyihasi qabul qilinishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning iqtisodiy huquqlarining kafolatlanishini kuchaytirishga, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni yaxlit muhofaza qilinishiga, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni oshkor etish bilan bog‘liq noqonuniy xatti-harakatlarning oldi olinishiga zamin yaratiladi», deyiladi ushbu qonun loyihasiga tushuntirish xatida.
Eslatib o‘tamiz, loyiha muhokamasi aholi uchun ochiq bo‘lib, unda ishtirok etmoqchi bo‘lganlar o‘z fikr va takliflarini regulation.gov.uz sayti orqali shu oyning 29-sanasiga qadar yuborishlari mumkin bo‘ladi.
Avvalroq «Kursiv» islom moliyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentga 2024-yilda kiritilishi e’lon qilingani haqida yozgan edi.