Yangiliklar

Xitoy kompaniyasi Fargʻonada $1,5 milliardlik avtomobil majmuasini quradi

Birinchi bosqichda 60 mingta avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda
Foto: fotoevent / Depositphotos

Xitoyning «China Xiaou Group» kompaniyasi Fargʻona viloyatida avtomobilsozlik majmuasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, korxona tashkil etish boʻyicha $1,5 milliardlik shartnomani viloyat hokim Xayrulla Bozorov va «China Xiaou Group» rahbari Huang Xe imzoladi.

Muzokaralar davomida ushbu loyihaning dastlabki bosqichida $50 mln investitsiya hisobiga yigʻish, boʻyash, sozlash liniyalarini yoʻlga qoʻyib, yiliga 60 mingta gaz, elektr va gibrid motorli avtomobillar hamda maxsus transport vositalari ishlab chiqarilishi belgilandi.

Ikkinchi bosqichda $350 mln va uchinchi bosqichda $1,1 mlrd investitsiya yoʻnaltirilib, butlovchi qismlarning koʻpi mahalliylashtirilishi hamda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning soni 110 mingtaga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Loyiha 5-yil davomida toʻla yakunlanishi rejalashtirilgan.

Avvalroq «Kursiv» Xitoy joriy yilning birinchi choragida Oʻzbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish boʻyicha yetakchiga aylangani haqida xabar bergan edi.