Yangiliklar

Davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

Bu haqdagi Qonunni Shavkat Mirziyoyev imzoladi
Foto: Yemelyanov / www.depositphotos.com

Endi davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunbuzarlar oldingidan ko‘ra og‘irroq jazoga mahkum etiladilar. 19-iyun sanasida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali Telegram’dagi sahifasida xabar berdi.

Unga ko‘ra, davlat mulkini shartnomasiz ijaraga berish, ushbu hujjatdagi mulk parametrlarini noto‘g‘ri ko‘rsatish va boshqa shunga doir qonunchilik buzilgan hollarda jazo nazarda tutilgan. Mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1,7 mlndan 3,4 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi mumkin.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3,4 mlndan 5,1 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Sir tutiladigan axborotlarni oshkor qilganlik uchun jazo og‘irlashtirilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.