Yangiliklar

Prezident va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotga tayyorgarlik boshlandi

Tadbirkorlar vakillari bir qator dolzarb savollarni berishdi
Foto: Savdo-sanoat palatasi

Bugun, 20-iyun kuni savdo va umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir YouTube kanalida translyatsiya qilindi.

Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan takliflar shakllantirishdan iborat.

Tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, biznes-ombudsman Dilmurod Kasimov, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat kengashi a’zolari hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Biznes vakillari bir qator dolzarb savollarni berishdi. Kafe va restoranlarga tutash hududni qonuniylashtirish, bojxona va soliq ma’lumotlarini integratsiyalash va boshqa masalalar yuzasidan savollar berildi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilda prezident Shavkat Mirziyoyev avgust oyida Qoraqalpogʻistonda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazadi. Ushbu formatdagi birinchi yig‘ilish 2021-yil 20-avgustda bo‘lib o‘tgan edi.