Moʻgʻuliston prezidenti davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga keladi
Moʻgʻuliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 23–26-iyun kunlari davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy martabali mehmon tashrifining dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Xususan, kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, yengil sanoat, sogʻliqni saqlash, transport, logistika va boshqa yoʻnalishlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari oʻrin olgan.
Shuningdek, madaniy-gumanitar va turizm aloqalarini faollashtirishga qaratilgan qoʻshma chora-tadbirlar muhokama qilinadi. Xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Oliy martabali mehmon Xiva shahriga ham tashrif buyurib, xalqimizning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishadi.
Avvalroq «Kursiv» Janubiy Koreya prezidenti rafiqasi bilan Oʻzbekistonga kelgani haqida xabar bergan edi.