OpenAI asoschilaridan biri sun’iy intellekt (SI) vositalarini ishlab chiqish boʻyicha mutaxassis Ilya Sutskever oʻz startapini ishga tushirganini ma’lum qildi. Uning «Safe Superintelligence» kompaniyasi «xavfsiz super intellekt»ni ishlab chiqmoqda.
«Men yangi kompaniya ochdim», deb yozdi Sutskever X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida va Safe Superintelligence havolasini taqdim etdi.
Kompaniyaning ishga tushirish haqidagi bayonotida ma’lum qilinishicha, «super intellekt»ning yaratilishi zamonamizning eng katta texnologik muammosiga yechim beradi.
«Bizning Palo-Alto va Tel-Avivda vakolatxonalarimiz bor. U yerda biz chuqur ildizlarga egamiz va yuqori malakali texnik mutaxassislarni jalb qila olamiz», deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, Sustkever kanadalik mashinalarni oʻrganish va sun’iy intellekt tadqiqotchisi hisoblanadi. U OpenAI asoschilaridan biri edi, lekin kompaniya rahbari Sem Altman bilan kelishmovchiliklar tufayli joriy yil may oyida kompaniyani tark etdi.
Avvalroq «Kursiv» bahor oxirida OpenAI GPT-4o yangi generativ modelini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.