21-iyun, juma kuni O‘zbekistonning janubiy va cho‘l hududlarida +41° gacha isishi kutilmoqda, deb xabar berdi «O‘zgidromet».
Mamlakatning ayrim hududlarida shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda (Bofort shkalasi boʻyicha 12 balldan 7-8 ball), chang-to‘zonlar yuzaga kelishi mumkin.
Sinoptiklar Qoraqalpog‘iston, shuningdek, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishini xabar berishmoqda.
Umuman olganda, respublikada oʻrtacha kunlik havo harorati +34…+39°, Toshkent shahrida +35…+37° boʻladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning tog‘li hududlarida 20 – 24-iyun kunlari sel kelishi kutilayotgani haqida yozgan edi.