Yangiliklar

Hukumat tomonidan elektr energiyasi va gaz uchun tariflarni shakllantirish tartibi tasdiqlandi

2035-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi
Foto: Pavel_Lysenko / depositphotos.com

Vazirlar Mahkamasining «Yoqilgʻi-energetika tarmogʻida tarif siyosatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori bilan 2035-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi tarif siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilandi.

Qayd etilishicha, tariflar ishlab chiqarish, qazib olish, uzatish va boshqa tizimli xizmatlar, taqsimlash va foydalanish, kapital xarajatlarni toʻliq qoplashni hisobga olgan holda sotish xarajatlaridan kelib chiqqan holda shakllanadi.

Shuningdek, belgilangan tartibda tasdiqlangan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflar 2026-yildan boshlab, uch yildan kam boʻlmagan muddatga amal qiladi.

Aholining kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlariga davlat tomonidan tariflar oshganda kompensatsiyalar berish yoʻlga qoʻyiladi.

Elektr energiyasi uchun tariflarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisida nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

  • elektr energiyasi uchun tariflarni shakllantirish mexanizmi;
  • tashkilotlar uchun talab qilinadigan daromadni va iste’molchilarning turli guruhlari uchun elektr energiyasi uchun tariflarni shakllantirish tartibi;
  • tariflarni asoslash uchun hujjatlarni taqdim etish;
  • tariflarni shakllantirish ustidan davlat nazorati va boshqalar.

Tabiiy gaz uchun tariflarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisida nizom quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • tariflarni tartibga solish tamoyillari;
  • turlar boʻyicha xarajatlarni va talab qilinadigan daromadni hisob-kitob qilish tartibi;
  • subsidiyalanadigan tariflar;
  • xarajatlar, aktivlar va daromadlarni taqsimlash tamoyillari va boshqalar.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda elektr va gaz iste’moli kamaygani haqida xabar bergan edi.