Sloveniya, Moʻgʻuliston va Kolumbiyaning Oʻzbekistondagi elchilari tayinlandi
Sloveniya, Moʻgʻuliston, va Kolumbiyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchilari tayinlandi. Bu haqda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻz Telegram kanalida ma’lum qildi.
Sloveniyaning Oʻzbekistondagi elchisi etib tayinlangan Darya Bavdaj Kuret Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikning asosiy ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Moʻgʻulistonning Oʻzbekistondagi elchisi etib tayinlangan Daadanxuu Batbaatar bilan bo‘lgan uchrashuvda Moʻgʻuliston prezidentining Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifi, iqtisodiy diplomatiyani faol ilgari surish, qoʻshma istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Kolumbiyaning Oʻzbekistondagi elchisi etib tayinlangan Ektor Isidro Arenas Neyra bilan bo‘lgan uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish, ishbilarmonlik, siyosiy, madaniy hamkorlikni hamda xalq diplomatiyasini rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi vafot etgani haqida xabar bergan edi.