Oʻzbekistonda konditsioner sotib olish va uni oʻrnatish necha pulga aylanadi
Iqlim oʻzgarishi sabab butun dunyoda yildan-yilga issiq toʻlqinlar oqimi koʻpayib bormoqda. Yoz fasli kirib kelishi bilan Oʻzbekistonda ham kunlar sezilarli darajada isidi. Bunday hollarda, albatta, insonlarda konditsionerga boʻlgan talab har qachongidan ortadi.
Shu sababdan «Kursiv» nashri Oʻzbekistondagi bir qancha mahalliy marketpleys va maishiy texnika doʻkonlaridagi konditsioner narxlarini oʻrganib chiqdi.
Unga koʻra, mijozlarga taklif qilinayotgan konditsioner narxlari 4 mln soʻmdan boshlab, xaridorning xohish-istaklariga koʻra 15 mln soʻmgacha topiladi.
Bugungi kunda bozorning katta qismini mahalliy ishlab chiqaruvchi «Artel» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan konditsionerlar tashkil qiladi. Shuningdek, Shivaki, Gree, Midea, LG kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan har xil modeldagi konditsionerlarni ham topish mumkin.
Konditsioner narxlarini quyidagi uchta kategoriya boʻyicha taqsimladik:
Arzonroq 4–5,5 mlngacha;
ommabop 5,5–8 mlngacha;
qimmat 8–15 mlngacha.
Shuningdek, «Kursiv» konditsioner oʻrnatib beradigan mutaxassislar bilan ham bogʻlandi. Bugungi kunda Toshkent shahrida bitta konditsionerni oʻrnatib berish oʻrtacha 400 – 600 ming soʻm ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Statistika agentligining uy xoʻjaliklari tanlanma kuzatuvlari ma’lumotlariga asosan, 2024-yilning yanvar – may oylarida, Oʻzbekiston Respublikasida 100 ta uy xoʻjaligiga toʻgʻri keladigan konditsionerlar soni oʻrtacha 50 tani tashkil qiladi.
Avvalroq «Kursiv» yozgi ta’til vaqtida bolalarning vaqtini qanday mazmunli oʻtkazish mumkinligi haqida material tayyorlagan edi.