O‘zbekistonda zargarlik sanoati qanday muammolarga duch kelmoqda – video
O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotiga tayyorgarlik yuzasidan zargarlik sohasida mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflarni shakllantirishga qaratilgan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi rasmiy Telegram sahifasida xabar berdi.
Yig‘ilishda tadbirkor va hunarmandlar faoliyatlarida uchrayotgan tizimli muammolar, ularning yechimlari haqida takliflar qanul qilindi. Jumladan, ishlab chiqarish, savdo, eksport, sohaga doir soliq siyosati, xalqaro tajriba almashinuvi, zargarlik yo‘nalishidagi ta’lim masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Muloqot so‘ngida Savdo-sanoat palatasi raisi hamda boshqa tegishli mas’ullar berilgan takliflardan xulosa chiqargan holda, huquqiy-normativ hujjat loyihasi ishlab chiqilishi ma’lum qildilar.
«Fonon» zavodi rahbari Jasur Roʻzayev zargarlik sohasida eksportni amalga oshirish va tadbirkor uchun xavfni kamaytirish maqsadida «hedge» tizimini joriy etish zarurligini ta’kidladi.
«Mahsulot va xizmatlar identifikatsion kodlarida zargarlik yo‘nalishida faqat gramm ko‘rsatkichi qayd etilgan, biroq ba’zi turdagi mahsulotlarimiz donabay hisoblanadi, bu esa soliq amaliyotlarida noqulayliklar keltirib chiqaradi», deya o‘z taklifini taqdim etdi «Gs Planet» («Vinceri» hamda «Aureya» brendlari) korxonasi rahbari Iskandar Xolmirzaev.
Zargarlik sanoati vakillari bilan boʻlgan muloqotning toʻliq videosini Savdo-sanoat palatasining YouTube’dagi kanalida koʻrish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yiliga necha tonna oltin qazib olinishi haqida xabar bergan edik.