Yangihayot tumanida noqonuniy mayning ferma 751,6 mln soʻmlik zarar keltirdi
Yangihayot tumanida uyining yertoʻlasida beshta toʻplamdagi mayning qurilmalarini tijorat maqsadida elektr tarmogʻiga noqonuniy ulagan fuqaro aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, departamentning tuman boʻlimi hamda DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda «Chortoq» MFY hududida yashovchi fuqaro oʻz uyining yertoʻlasida beshta toʻplamdagi mayning qurilmalarini tijorat maqsadida elektr tarmogʻiga yashirincha ulab, jami 751,6 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.
Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda mayning-pul faoliyatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilangani haqida xabar bergan edi.