Nega O‘zbekistonda Chevrolet avtomobillari qimmat – UzAuto Motors direktoridan javob

eʼlon qilindi
Bu haqda u “Renessans TV” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi
Skrinshot: «Renessans TV»

«UzAuto Motors» kompaniyasi direktori Bo Andersson soʻnggi yillarda boshqa xorijiy brendlarning Oʻzbekistonga kirib kelishi hisobiga UzAuto Motors’ning bozordagi ulushi kamayayotganini aytdi. Bu haqda u «Renessans TV» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Shuningdek, u kompaniyaga boʻlayotgan tanqidlar haqidagi savolga javob berar ekan Oʻzbekiston avtomobil sanoatida birgina «UzAuto Motors» kompaniyasi mavjud emasligini ta’kidladi.

«Biz 2022-yilda 337 mingta, 2023-yilda esa 395 mingta avtomobil ishlab chiqardik. Qolaversa, bozordagi eng talabgir avtomobillarni ishlab chiqaryapmiz. Bugungi kunda Oʻzbekiston bozorida bizning ulushimiz katta, lekin boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilari va boshqa xorijiy kompaniyalarning kirishi hisobiga bu ulushimiz kamaymoqda», deydi u.

Nima sababdan Chevrolet avtomobillari Oʻzbekistonda qimmatligini kompaniya direktori quyidagicha izohladi:

«Biz mijozlarimizga narx va sifat nisbati boʻyicha eng maqbul narxni taklif qilamiz. Avtomobil bozorida Tracker va Onix kabi B va C avtomobil segmentida kuchli raqobatni kuzatmoqdamiz. Hozirgi kunda Cobalt avtomobilining narxi 125 mln soʻmdan 147 mln soʻmgacha, Onixʼning narxi esa 161 mln soʻmdan 215 mln soʻmgachani tashkil qiladi. Mazkur avtomobil narxlari bugungi kun avtomobil bozoridagi eng maqbul taklif hisoblanadi», deydi Anderssson.

Shuningdek, kompaniya rahbari onlayn kontraktatsiyaga ham toʻxtalib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, onlayn kontraktatsiya shaffoflikni ta’minlash maqsadida tashkil qilingan. Endilikda bir shaxs bir xil modeldagi bir necha avtomobillarga buyurtma berganda shartnoma bir tomonlama bekor qilinadi.

2023-yilning 25-dekabr kunidan boshlab, toʻliq onlayn kontraktatsiya orqali ommabop avtomobillar — Lacetti, Cobalt va Damas avtomobillari uchun 218 mingta shartnoma tuzilgan.

Ma’lumot uchun, UzAuto Motorsʼning bir yillik aylanmasi 54 trln soʻmni tashkil qiladi. Shuningdek, kompaniya mamlakatdagi oʻnta eng yirik soliq toʻlovchilaridan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Chevrolet Qozog‘iston bozorida o‘z o‘rnini yo‘qotmoqda.

Avvalroq «Kursiv» bir kunda 25 ming dona Cobalt avtomobili uchun shartnomalar tuzilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek