Yangiliklar

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar soni haftasiga 100 taga yetkaziladi

Aviakompaniyalar soni ham 2 baravarga oshirildi
Foto: Roman Fedotov / «Kursiv»

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar soni haftasiga 100 taga yetkaziladi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Joriy yil 17–21-iyun kunlari Xitoyning Sian shahrida oʻtkazilgan «C5+1 Xitoy-Markaziy Osiyo fuqaro aviatsiyasi konferensiya»si boʻlib oʻtdi. Konferensiya doirasida Oʻzbekiston va Xitoy aviatsiya hukumatlari oʻrtasida havo qatnovi toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bir qancha bitimlar imzolandi.

Unga ko‘ra, ikki davlat oʻrtasidagi muntazam aviaqatnovlar soni yangi kelishuv boʻyicha 50 taga oshiriladi. Ya’ni ikki mamlakat oʻrtasidagi haftalik muntazam yoʻlovchi aviaqatnovlari sonini jami 100 taga yetkazish huquqi berildi.

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida muntazam parvozlarni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan aviakompaniyalar soni 2 baravarga oshirildi. Shuningdek, OʻzR aviakompaniyalari uchun mamlakatning barcha aeroportlaridan Xitoy hududiga muntazam parvozlarni amalga oshirish mumkin boʻlgan shaharlar soni 12 taga yetkazildi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston tomonidan tayinlangan aviakompaniyalar uchun Xitoyning dengiz boʻyida joylashgan turistik Xaykou, Sanya hamda Tsyunxay xalqaro aeroportlarida joriy qilingan «Maxsus ochiq osmon» rejimidan foydalanish va 5-havo erkinligida parvozlarni amalga oshirish huquqi qoʻlga kiritildi.

Avvalroq «Kursiv» Xitoy kompaniyasi Fargʻonada $1,5 milliardlik avtomobil majmuasini qurishi haqida xabar bergan edi.