Valyuta ayirboshlashni kasb qilgan shaxslar qo‘lga olindi
O‘zbekistonda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullangan fuqarolar qo‘lga olindi. Ushlangan shaxslarning yonidan jami 18,2 ming AQSh dollari, 50,4 ming Rossiya rubli va 37 million so‘mga yaqin pul miqdori chiqqan. Bu haqda Bosh prokuratura departamentining rasmiy Telegram sahifasida quyidagicha bayonot berildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan S.R fuqaro M.T.ga 5,1 ming AQSh dollarini 64,7 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Fuqaroning yonidan jami 8,2 ming AQSh dollari, 39,2 ming Rossiya rubli, 50 yevro va 33,2 mln so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, Sho‘rchi tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ham shu kabi jinoyatchilikka chek qo’yildi. Voqea joyida valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar O‘.M va B.M. fuqaro M.X.ga jami 3,1 ming AQSh dollarini 39,4 mln so‘mga sotgan vaqtlarida qo‘lga tushgan. Ularning yonidan 10,6 ming Rossiya rubli, 3,5 mln so‘m va 10 AQSh dollari, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mayning faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullangan shaxs ushlangani haqida xabar bergan edik.