Yanvar – may oylarida YTH oqibatida qancha odam halok bo‘ldi
Joriy yilning yanvar – may oylarida O‘zbekistonda ro‘y bergan 9839 ta YTH 2282 nafar fuqaroning umriga zomin bo‘lgan, qolgan 9209 nafar fuqaro turli xil darajada shikastlangan. Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum bo‘ldi.
«2024-yilda yo‘l-transport hodisalari soni 7,2 % ga pastlagan va shikastlanish bilan bog‘liq hodisalar 8,7 % ga kamaygan. Ko‘rsatkichlarning ijobiy pasayishida esa o‘tgan yildagi 8 mingtaga yaqin obyektlarda amalga oshirilgan 13,5 trln so‘m qiymatdagi qurilish ishlari zamin bo‘ldi», deya ta’kidlandi yig‘ilishda.
Shuningdek, sodir bo‘lgan 359 nafar maktab o‘quvchisi ishtirokidagi YTH oqibatida 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafari turli xil darajada jarohatlangan. Bunga 9548 ta maktab transport qatnovi zich hududlarda joylashgani va ba’zi maktablar oldida piyodalar uchun yo‘laklar mavjud emasligi yoki umuman svetoforlar qo‘yilmagani sabab sifati ko‘rsatildi.
Muhokama so‘ngida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan yuqoridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflari aks etgan qaror qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatida sodir etilgan dahshatli yo‘l-transport hodisasi haqida xabar bergan edik.