Yangiliklar

Aksiz markasiz «Milano» va «Parliament» sigaretlari jinoiy ish qo‘zg‘atishga sabab bo‘ldi

Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi
Foto: Bosh prokuratura

Denov va Yakkasaroy tumanlarida qalbaki aksiz markali tamaki mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, oʻtkazilgan tezkor tadbirda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqaro boshqa bir fuqaroga xorijda ishlab chiqarilgan jami 1850 quti «Esse Change» va «Milano» nomli aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini 68,7 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, yana bir holat Yakkasaroy tumanida YTT savdo doʻkoni sotuvchisi xaridorga «Esse Change» va «Parliament» nomli aksiz markasiz tamaki mahsulotini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu savdo doʻkonidan sotuvga qoʻyilgan 129 turdagi xorijda ishlab chiqarilgan jami 1198 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Hozirgi kunda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Samarqand va Qarshida 3 ming shishadan ortiq qalbaki spirtli ichimliklar musodara qilingani haqida xabar bergan edi.