Qancha odam o‘zini yolg‘iz his qilayapti
«Stada» farmatsevtika kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda 31% odam o‘zini yolg‘iz deb hisoblaydi. 18% odam esa o‘zini o‘ta darajada yolg‘iz his qiladi.
So‘rovnomaga ko‘ra, yolg‘izlikning sabablari xilma-xil. 26% odam yolg‘izligini yaqin kishining o‘limi bilan bog‘lagan. Yolg‘izlarning 16% qismi odamlar bilan birga o‘tkazish uchun yetarlicha bo‘sh vaqti yo‘qligini sabab sifatida ko‘rsatgan. Yana 15% odam esa ishi tufayli yolg‘izligini ta’kidlagan. 10% odamlar sog‘lig‘i va harakatchanligi bilan bog‘liq muammolari ularni yolg‘iz bo‘lib qolishiga olib kelgan, deb hisoblashgan.
Yolg‘izlik bilan kurashish uchun respondentlarning 29 foizi ko‘ngilochar tadbirlarni afzal ko‘rishini aytgan. 26% ishtirokchilar ish va hayot muvozanatini yaxshilashni taklif bergan. 19% odamlar esa internetda o‘tkaziladigan vaqtni qisqartirishi lozim, deb hisoblagan. Qolgan 18% so‘rovnoma qatnashchilari yolg‘izlikni iqtisodiy ahvolni yaxshilash orqali bartaraf etish mumkinligiga ishora qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarining dars qoldirib ketish sabablari haqida ota-onalar o‘rtasidagi so‘rovnoma haqida ham batafsil to‘xtalgan edik.