Yangiliklar

Tijorat banklarining muammoli kreditlari kamaydi

Oxirgi statistik ma’lumotlar Markaziy bank tomonidan e’lon qilindi
Foto: Abscent / depositphotos.com

Joriy yilning may oyida O‘zbekistondagi tijorat banklarida muammoli kreditlar (NPL) miqdori 2,4 trln so‘mga kamayib, 20,9 trln so‘mgacha pastladi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Qayd etish joizki, muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi 4,3 % gacha pastlagan bo‘lsa (aprel oyida – 4,8%), bu ko‘rsatkich davlat banklarida 4,8 %, xususiy banklarda 3,1 % ni tashkil etdi.

Shuningdek, may oyi davomida «Ipoteka bank» (-874 mlrd so‘m), «Milliy bank» (-539 mlrd) va «SQB» (-371 mlrd) NPL miqdorini qolgan banklarga nisbatan ko‘proq tushira oldi.

Ayni paytda eng ko‘p NPLga ega banklar 3,6 trln so‘m bilan «Milliy bank», BRB 2,8 trln so‘m, SQB 2,6 trln so‘m va ”Ipoteka bank” 2,3 trln so‘mlik ko‘rsatkichlarda turibdi.

«Ipoteka bank» bu oyda muammoli kreditlarga ega banklar reytingida ikkinchi o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa tushishga erishdi.

Avvalroq «Kursiv» Fitch xulosalariga ko‘ra, oilaviy biznesga berilgan kreditlar O‘zbekistondagi ayrim banklarda katta yo‘qotishlarga olib kelgani haqida yozgan edi.