Alisher Usmonovning dividend daromadi yil davomida 23,5 foizga oshdi
Rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov 2023-yil uchun dividend daromadlari boʻyicha Rossiyaning eng boy odamlari reytingida toʻrtinchi oʻrinni egalladi. Bu haqda «Forbes Russia» xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, oʻtgan yil oxirida Usmonovning dividendlar boʻyicha daromadi 79,9 milliard rublni ($938,6 million) tashkil etdi, bu 2022-yilga nisbatan 23,5 foizga koʻpdir.
Reyting yetakchiligini ketma-ket ikkinchi yil 177,4 milliard rubl ($2 milliard) bilan «Lukoyl»ning sobiq rahbari Vagit Alekperov egallab turibdi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 27 iyun holatiga koʻra, Alisher Usmonovning boyligi «Forbes» ma’lumotlarida 125 nafar rossiyalik milliarderlar reytingida toʻqqizinchi oʻrinni egallab turibdi. Ma’lumki, hozirgi kunda tadbirkor Toshkent shahrida istiqomat qiladi.
Avvalroq «Kursiv» iyun oyi oʻrtalarida Usmonov UBS Europe bankiga qarshi sudga da’vo arizasi bergani haqida xabar bergan edi.