Yangiliklar

Hozirda jamoat transportidagi asosiy muammo nima

"Yuksalish" harakati tomonidan ushbu masalaga doir muammo va yechimlar o‘rganildi
Foto: Transport vazirligi

Jamoat transporti tizimini takomillashtirish yuzasidan Toshkent shahrida ushbu sohani 2025-yilga qadar rivojlantirish konsepsiya ishlab chiqildi. Bu haqda «Yuksalish» harakati matbuot xizmati xabar qildi.

Birgina yoʻlovchi tashish sigʻimiga kelsak, jamoat transportlari soni ortib, ularning kunlik yoʻlovchi sigʻimi 1 mln kishiga yetdi. Avtobuslar oraliq masofasi 8-10 daqiqaga qisqargan boʻlsa, metropoliten poyezdlari yoʻnalishiga qarab, 1,5-2 daqiqadan 6-7-daqiqagacha oraliqni tashkil qilmoqda.

«Yuksalish» harakati Toshkent shahridagi jamoat transporti holatini aniqlashga qaratilgan soʻrovnoma oʻtkazdi. Oʻtkazilgan onlayn soʻrovlarda 276 nafar respondent turli variantlarni tanlash orqali javob berdi. Jumladan: zich vaqtlardagi yoʻlovchilar oqimi koʻpligi varianti 49,1% respondent uchun asosiy muammo sifatida tanlandi. 15% ishtirokchi avtobuslarda sovituvchi/isituvchi konditsionerlar toʻliq ishlamaslik variantini tanlagan boʻlsa, metroda havo ventilyatsiyasi yaxshi ishlamasligi varianti 12,4% odam tomonidan tanlandi. Qolgan 8% qatnashchi transportlarning barchasida ham nogironligi borlar uchun maxsus sharoitlar yaratilmaganligini asosiy muammo, deb bildi.

Soʻrovnomadagi ishtiroki bilan birga, respondentlar quyidagi yechimlarni tanlash orqali oʻz takliflarini berdilar. Ulardan 65,2% qismi tigʻiz vaqtlarda avtobus va vagonlar sonini koʻpaytirish, oraliq vaqtlarni qisqartirish taklifini berdi. Tirbandlikning oldini olish uchun sigʻimi va hajmi katta avtobuslar sonini koʻpaytirish kerak, degan fikrdagilar 50%ni tashkil qildi. Metroda ventilyatsiya va avtobuslarda sovitish/isitish tizimini yaxshilash taklifini 49,1% odam qoʻllab-quvvatladi. 41,7% respondent eski rusumdagi avtobuslarni harakatlanishdan chiqarish va transport tizimini modernizatsiya qilish muammoning yechimi, deya taʼkidladi. Jamoat transporti uchun faqat professional haydovchilarni yollash taklifi 34,1% qatnashchi tomonidan ma’qullandi.

Ma’lumot oʻrnida, har oyning oxirgi chorshanbasida «Avtomobilsiz kun» jamoatchilik loyihasi oʻtkazilmoqda. «Kursiv» bu borada ham maxsus xabar joylagan edi.