Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyun kuni Jizzax viloyatiga kelib, «BYD Uzbekistan Factory» qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur zavod shu yil yanvarda davlatimiz rahbarining Xitoyga tashrifi chogʻida ishga tushirilgan edi. Bu qiymati $160 millionlik loyihaning birinchi bosqichi boʻlib, yiliga 50 ming dona elektromobil ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Hozirgi kunda bu yerda Chazor va Song Plus Champion modellari ishlab chiqarilmoqda. Shavkat Mirziyoyev konveyerdan chiqqan ilk elektromobilga imzo qoʻydi.
Kelgusi yillarda zavodda modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati $300 millionlik ikkinchi bosqichda elektromobillar sonini yiliga 200 ming donaga, $500 millionlik uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkazish koʻzda tutilgan.
Bugungi kunda korxonada 1,2 ming kishi ishlaydi. Oʻtgan yili 200 nafar xodim UzAuto Motors zavodlarida malaka oshirgan.
Avvalroq «Kursiv» BYD Oʻzbekiston avtomobil bozorining yarmini egallashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.