Yangiliklar

Moskva viloyati oʻzbekistonlik investorlarni imtiyozli shartlar bilan qoʻllab-quvvatlaydi

Bu haqda viloyat gubernatori Andrey Vorobyov ma’lum qildi
Foto: Rossiya viloyati gubernatorligi

Oʻzbekistonlik investorlarga Rossiyaning Moskva viloyatida loyihalarni amalga oshirish uchun imtiyozli shartlar beriladi. Bu haqda viloyat gubernatori Andrey Vorobyov ma’lum qildi.

«Agar oʻzbekistonlik tadbirkorlar Moskva viloyatiga kelsa, biz har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz. Bular qatoriga imtiyozli yer uchastkalari hamda korxona qurish va ishga tushirish uchun barcha ruxsat berishga kerakli hujjatlar kiradi», deya Vorobyov soʻzlarini keltiradi «Interfaks» agentligi.

Gubernatorning qoʻshimcha qilishicha, Moskva viloyati hokimiyati imtiyozlar berish evaziga investorlardan oʻzlariga ma’qul keladigan tijorat gʻoyalarini taqdim etishni soʻraydi.

Bu haqda Rossiya viloyati rahbari 26-iyun kuni «Moskva viloyati – Andijon viloyati biznes-forumi»da aytib oʻtdi. Tadbirda tadbirkorlar, shuningdek, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov, Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchisi Botirjon Asadov kabi davlat idoralari vakillari ishtirok etdi.

Avvalroq «Kursiv» may oyida Andijon viloyati delegatsiyasi Moskva viloyatiga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edi.