O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari soni ikki barobardan koʻproqqa koʻpaydi. Statistik ma’lumotlar Iqtisodiyot va Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilindi.
Elektromobillardan foydalanish ommalashgani sari, ularni quvvatlantirish uchun stansiyalarga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib bormoqda. Aprel oyida O‘zbekistonda 200 ga yaqin quvvatlov stansiyalari borligi xabar qilingan edi. 2024-yilning iyun oyigacha 595 ta elektromobillarni quvvatlovchi stansiyalar qayd etilgan. Ulardan jami 60 mingga yaqin elektromobil haydovchilari foydalanib kelmoqda.
Viloyatlar kesimiga qarasak, eng ko‘p miqdor 297 ta bilan Toshkent shahriga to‘g‘ri kelsa, eng kam joylashgan hudud Qoraqalpog‘iston (9 ta ) bo‘lib turibdi. Qolgan viloyatlarda ham aholi ehtiyojidan kelib chiqib 10 tadan 50 tagacha elektromobil quvvatlovchi stansiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, bitta shunday quvvatlagichni 400 dollar atrofida sotib olib, uyda foydalanish o‘rtacha 30 ming so‘mga tushadi. To‘liq quvvatlash davomiyligi esa 9-10 soatga boradi. Yuqoridagi quvvatlovchi stansiyalarda esa narxlar biroz boshqacha, 100 ming so‘mdan oshadi. Ammo quvvatlash 30-40 daqiqa vaqtingizni oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekistonda eng yaxshi muhandislar elektromobillar bilan taqdirlanishi haqida xabar qoldirgan edik.