Yangiliklar

O‘zbekiston milliy so‘mi 30 yoshda – video

Milliy valyutamiz ayni bugungi sanada 1994-yilda muomalaga kiritila boshlangan
Foto: golib.tolibov.gmail.com / www.depositphotos.com

1-iyul kuni so‘m qabul qilinganiga 30 yil to‘ldi. O‘zbekiston Markaziy banki milliy valyutaga oid bir qancha faktlarni e’lon qildi.

«Markaziy bank tomonidan 1991 – 1993-yillar davomida milliy valyutani muomalaga kiritish uchun juda koʻp izlanishlar olib borildi, xorijiy mamlakatlar tajribasi oʻrganildi. 1993-yilning 15-noyabridan boshlab toʻlov vositasi sifatida “Soʻm-kupon» muomalaga kiritildi. Pul islohotini amalga oshirish borasida ma’lum tajribaga ega boʻlish uchun «Soʻm-kupon» oʻtish valyutasi sifatida xizmat qildi”, deyiladi xabarda.

1994-yil 1-iyuldan boshlab OʻzR milliy valyutasi «soʻm» muomalaga kiritila boshlandi. 1997-yilda 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 1999-yilda 500 va 2000-yilda 1000 soʻmlik pullar birin-ketin muomalaga singdirildi.

Shuningdek, 2018-yilda ixcham va yengilroq vaznli yangi dizayndagi 50, 100, 200 va 500 soʻmlik tanga pullar chiqarildi. Hozirgi 1000 soʻmlik tanga esa 2022-yilda muomalaga kiritildi.

Sohaga doir islohotlarning davomi sifatida banknotlarning yangi dizayni ishlab chiqildi. 2021-yilda 2 000, 5 000, 10 000, 20 000, 50 000, 100 000 soʻmlik va 2022-yilda 200 000 soʻmlik qiymatdagi yangi banknotlar foydalanishga taqdim etildi. Ular sifati, dizayni va himoya qatlamlari borasida eskilaridan katta farq qiladi. Ushbu pullar milliy naqshlar, «Buyuk Ipak yoʻli», tarixiy shahar va obidalarimiz suratlari bilan bezatilgan.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2024/07/30-yil-som-720p-pro-sum.mp4

Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq milliy valyutamizning mustahkamlanayotgani haqidagi tahliliy kuzatishlarni e’lon qilingan edik.