Yangiliklar

«Daito Trust» kompaniyasi Yaponiyada o‘zbekistonlik 100 nafar muhandisni ish bilan ta’minlaydi

Shuningdek, stajirovkalarni tashkil qiladi
Rasm: «Dunyo»

«Daito Trust Construction Corporation» (Yaponiya) qurilish kompaniyasi yuzlab o‘zbekistonlik muhandislarni Yaponiyada amaliyot o‘tashini tashkil qiladi va ish bilan ta’minlaydi, deb yozadi «Dunyo».

Bu haqda kompaniya rahbariyatining O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov bilan uchrashuvida kelishuvga erishildi.

Kompaniya mamlakatimizda zilzilaga chidamli texnologiyalar va qurilish standartlarini joriy etishdan manfaatdor, shuningdek, O‘zRdagi loyihalarda ishtirok etishga tayyor.

Bundan tashqari, Daito Trust hamkorlari joriy yilning bahorida Toshkent davlat texnika universitetida yapon tili va texnologiyalar markazini ochishdi.

Daito Trust 1974-yilda tashkil etilgan. Kompaniya binolarni loyihalash va qurish bilan shug‘ullanadi. Boshqa sohalarga sug‘urta, uy sotish va mehmonxona biznesi kiradi.

Avvalroq «Kursiv» joriy yilning aprel oyida Yaponiyada ilk o‘zbek savdo uyi ochilgani haqida e’lon qilgan edi.