Yangiliklar

Energiya sarfini qat’iy nazorat qilish, mas’ullarning javobgarligini oshirish zarur – prezident

Yig‘ilishda yangi podstansiyalar ishga tushirilishi ta’kidlandi
Foto: O‘zR prezidenti matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda energiya sarfini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda energiya iste’molida o‘g‘riliklar ko‘p uchrayotgani qayd etildi. Masalan, bu yil 15 mingta holatda tabiiy gaz va 28 mingta holatda elektrdan o‘g‘rincha foydalanish holatlari aniqlangan.

Prezident soha mutasaddilariga energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish, infratuzilma modernizatsiyasi, energiya uzluksizligini ta’minlash borasida qator vazifalar berdi.

Qayd etish joizki, aholi zichlashishi, sanoat zonalari ortgani sayin energiya iste’moliga talab oshib bormoqda. Shunga munosib chora-tadbirlar sifatida «yashil energiya» manbalari, issiqlikni saqlovchi materiallardan va quyosh panellaridan foydalanilmoqda. 850 kilometr magistral tarmoq va 9 ta podstansiyani ta’mirlash bo‘yicha ishlar boshlangan. Bunga qo‘shimcha 595 kilometr elektr tarmog‘i qurilib, qator yangi podstansiyalar ishga tushiriladi. Issiqlik stansiyalari barqaror ishlashi uchun zarur yoqilg‘i, butlovchi va ehtiyot qismlar zaxiralari shakllantirilmoqda.

Shu bilan birga, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda sohada qator loyihalar amalga oshirilayotir, stansiyalar barpo etilmoqda. Bu yil barcha manbalar hisobidan 4 gigavattlik elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari sohadagi investitsiyaviy loyihalarni, chet ellik sheriklar bilan erishilgan kelishuvlarni yuqori darajada amalga oshirish kerakligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq energiya tejamkor qurilmalar oʻrnatgan fuqarolarga chegirma berilishi haqida xabar qoldirgan edik.