Farg‘onada xonadonida giyohvandlik moddalari o‘stirib kelgan shaxs aniqlandi
Holat Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlarida yuz bergan. Bu haqda Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 29-iyun kuni, Fargʻona viloyati IIB hamda Margʻilon shahar IIB tomonidan Marg‘ilonda oʻtkazilgan «Qoradori – 2024» tadbirida 1971-yilda tugʻilgan shaxs o‘z xonadonida 13 tup marixuana giyohvand oʻsimligini o‘stirib kelayotgani aniqlandi. Bundan tashqari, jinoyatchining 12,5 kg koʻknori boshoqlarini, 2,57 kg marixuana moddasini, 41 gr gashish giyohvandlik moddasini hamda 22,55 kg koʻknori somonini saqlab kelayotgani ham fosh bo‘ldi. Jami olingan giyohvandlik moddalari miqdori 37 kilogrammdan ziyodni tashkil etdi.
Yana bir shu kabi tadbir Farg‘ona shahridagi narkotik modda savdosiga chek qo‘ydi. 1993-yilda tug‘ilgan, muqaddam jinoyat sodir etgan shaxs 1,03 gr gashish moddasini 8 ming AQSh dollari evaziga pullayotgan paytida qo‘lga tushgan.
Jami 38 kg.dan ortiq giyohvandlik moddasi aniqlangan.
Hozirgi kunda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekistonda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha milliy strategiya tasdiqlangani haqida post joylagan edik.