Qarashlar

O‘zbekistonda dollar kursiga nima ta’sir qiladi

“Kursiv” ekspertlar bilan iyun oyida dollar kursining pasayishiga nima sabab bo‘lgani haqida suhbatlashdi
Rasm: VisualGeneration / depositphotos.com

2024-yil iyun oyida so‘m AQSh dollariga nisbatan 0,33 foizga mustahkamlandi. Biroq Amerika valyutasi iyulni o‘sish bilan boshladi. «Kursiv» ekspertlar bilan iyun oyida dollar kursining pasayishiga nima sabab bo‘lgani haqida suhbatlashdi, shuningdek, yaqin kelajak uchun prognozlar haqida so‘radi.

O‘zbekiston Respublika valyuta birjasida dollar kursining o‘zgarishi

O‘zRVB

Mustahkamlanish sabablari

Freedom Broker investitsiya tahlilchisi Boris Bondar milliy valyutaning mustahkamlanishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir qancha omillarga e’tibor qaratdi.

Birinchidan, joriy yilning besh oyida O‘zbekiston gaz yetkazib berish hajmini 4,2 barobarga oshirib, $643,2 millionga yetkazdi, dedi ekspert. Davlat Rossiyadan «zangori yoqilg‘i» sotib oladi. RFning hamkor davlatlar bilan dollarda oʻzaro to‘lovlarni qisqartirish strategiyasini inobatga olgan holda, ekspert mamlakatlar milliy valyutalarda savdo qilishlari mumkinligini qoʻshimcha qildi.

«Kursiv»ning O‘zbekiston bank sohasidagi manbalari respublika kompaniyalarida, haqiqatan ham, rublga talab ortganini tasdiqladi. Bu nafaqat gaz, balki boshqa tovarlar bilan ham bog‘liq. Buni Oʻzbekiston Respublika valyuta birjasi (OʻzRVB) ma’lumotlari ham tasdiqlaydi, bu yerda rubldagi savdolar hajmi, ayniqsa, iyun oyida keskin ko‘tarilgan.

O‘zRVBda rubldagi savdo hajmi

O‘zRVB

Statistika agentligi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi asosiy savdo sheriklari ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda turadi. Besh oy davomida mamlakatlarning tovar ayirboshlash hajmi $4,8 milliardga (+23,5 foiz) yetdi.

Avesta Investment Group katta moliyaviy tahlilchisi Shodlik Nazarov so‘mning mustahkamlanishi sababini import tovarlari iste’moli o‘sishining sekinlashuvida ko‘radi.

 «2024-yilning dastlabki besh oyida umumiy import atigi 3,7 foizga oshgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 24,2 foizni tashkil etdi. Bu so‘m kursiga bosimni pasaytiradi. Import qilinadigan tovarlarning asosiy turlariga transport vositalari (taxminan 37-39 foiz) va uzoq muddat foydalaniladigan sanoat tovarlari (taxminan 12-15 foiz) kiradi», deya izoh berdi u.

Milliy valyutani mustahkamlovchi omillar qatoriga depozitlar uchun jozibador stavkalar ham kiradi (yiliga taxminan 26-27%). Bu iste’mol o‘rniga so‘mdagi aktivlarni tejashni rag‘batlantiradi.

O‘zbekiston Markaziy bankining statistik ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, yanvar-may oylarida aholining milliy valyutadagi muddatli omonatlari 21 foizga, bank hisobvarag‘iga ega bo‘lganlar soni 6,1 foizga, ularning hisobvaraqlari soni esa 14,8 foizga oshgan.

Nazarov Markaziy bankning faol intervensiyalariga ham e’tibor qaratdi. Regulyator oltin sotishdan tushgan dollarlarni sotadi. Maqsad – iqtisodiyotdagi kuchli «sakrash» va shoklarning oldini olish, shuningdek, Inflatsion targetlash va narxlar barqarorligini saqlash.

“O‘zbekiston dunyodagi eng ko‘p oltin sotuvchilardan biri bo‘lib, 2023-yilda oltin sotishdan tushgan daromad deyarli $8,2 milliardni tashkil etdi (2022-yilga nisbatan deyarli ikki barobar ko‘p). 2024-yilning besh oyida bu ko‘rsatkich $4,2 milliardni tashkil qildi», deya izoh berdi Nazarov.

Xorijdan pul o‘tkazmalarining tiklanishi ham valyuta kursiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda, dedi ekspert. 2023-yil davomida 33 foizga pasayishdan so‘ng, 2024-yilning besh oyida 21 foizga o‘sish kuzatildi.

Boris Bondar yozda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining ko‘payishi hisobiga ayirboshlash kursining dinamikasini mavsum bilan bog‘ladi. Uning fikricha, kursga $600 millionga yevroobligatsiyalarni joylashtirishdan olingan qarz mablag‘lari ham ta’sir qilishi mumkin, chunki bu mablag‘lar sotilishi mumkin.

Iyul oyida nima bo‘ladi

Bondarning fikricha, o‘tgan oyda so‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanish dinamikasi bir martalik xarakterga ega bo‘lishi mumkin. Shuni yodda tutish kerakki, valyuta kursi har doim ham oldindan aytib bo‘lmaydigan turli omillar ta’siri ostida qisqa muddatli tebranishlarga duchor bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi u.

«Valyuta kursining aniq prognozini ko‘plab omillar tufayli qilib bo‘lmaydi. Dollar kursi ichki va tashqi iqtisodiy omillarga bog‘liq bo‘ladi. Ulardan asosiylari: savdo balansi, O‘zbekiston eksport tovarlarining jahon narxlari, shuningdek, asosiy savdo hamkorlari – Rossiya, Xitoy va Turkiya kabi mamlakatlarning valyuta kurslari», deya tushuntirdi ekspert.

Shodlik Nazarovning fikricha, uzoq muddatli istiqbolda so‘mning dollarga nisbatan o‘rtacha devalvatsiyasini kutish kerak, chunki savdo taqchilligi hali sof eksport va pul o‘tkazmalari hisobidan to‘liq qoplanmaydi.

«Shu bilan birga, Markaziy bank intervensiyalari valyuta kursi barqarorligini saqlashning eng muhim omili hisoblanadi. Agar bu siyosat o‘zgarsa, valyuta kursining keskin o‘zgarishini kutishimiz mumkin», deya xulosa qildi «Avesta Investment Group» vakili.

Avvalroq “Kursiv» 2024-yil oxirigacha O‘zbekistonda dollar kursi bo‘yicha prognozni e’lon qilgan edi.