Oʻzbekiston delegatsiyasini Olimpiya oʻyinlariga tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi

2-iyul kuni Oʻzbekiston delegatsiyasini «Parij – 2024» yozgi Olimpiya oʻyinlariga tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Milliy olimpiya qoʻmitasi (MOQ) axborot xizmati xabar berdi.
Marosimda Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etdi. U Oʻzbekiston jahon sportida oʻz oʻrniga ega mamlakatlardan biriga aylanib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, futzal boʻyicha jahon chempionati va 2025-yilgi yoshlar Osiyo oʻyinlari Oʻzbekistonda oʻtkazilishini eslatib o‘tdi.

Shuningdek, tadbirda Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Sport vaziri Adham Ikramov ishtirok etdi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston bayrogʻi delegatsiya bayroqdorlari – boks boʻyicha jahon chempioni Abdumalik Xalokov va qilichbozlik boʻyicha Osiyo oʻyinlari chempioni Zaynab Dayibekovaga topshirildi.
Ma’lumot uchun, Parijdagi XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlari 26-iyuldan 11-avgustgacha boʻlib oʻtadi.
Avvalroq «Kursiv» Xalokov va Dayibekova Oʻzbekiston bayroqdorlari boʻlishi haqida xabar bergan edi.