«O‘zbekneftgaz» sof foydasi nima uchun 78 foizga kamayganini tushuntirdi
Foto: «O‘zbekneftgaz»
Oʻzbekistondagi eng yirik soliq toʻlovchilardan biri «Oʻzbekneftgaz» 2023-yil uchun moliyaviy hisobotlarni Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga muvofiq e’lon qildi. AJ nima uchun kompaniyaning 2023-yildagi sof foydasi 78 foizga kamayganini tushuntirdi. Auditdan o‘tkazilgan hisobot natijalari AJ matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
«EBITDA» ko‘rsatkichining 2023-yilda 2022-yilga nisbatan 21 %ga oshganiga qaramay sof foyda 78 %ga kamaydi. Sof foydaning kamayishi ko‘p jihatdan valyuta kursidan kelib chiqqan moliyaviy xarajatlar va yuqorida tavsiflangan jahon bozorlarida foiz stavkalarining ko‘tarilishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, sof foydaga erishishda pul oqimini samarali boshqarish orqali debitorlik qarzlarining qisqarishi ijobiy ta’sir qildi”, deyiladi xabarda.
Kompaniya ma’lumotlariga koʻra, kurs farqlari bilan operatsiyalardan ko‘rilgan zarar 2022-yilga nisbatan 2023-yilda 3 trln so‘mga oshdi.
«Ushbu xarajatlar o‘sishning asosiy omili bo‘lib, 2023 yil davomida xorijiy valyutaning o‘zbek so‘miga nisbatan kursining sezilarli darajada oshishi hisoblanadi. AQSH dollari kursining 2023-yilda o‘sishi 1113,3 so‘mga yoki 9,92 %ni tashkil etdi. Yevro kursi 1770,0 so‘mga yoki 14,80 %ni tashkil qildi (2022 yilda AQSH dollari kursining o‘sishi 387,8 so‘mga yoki 3,6 %ni tashkil qilgan, yevro kursi esa pasaygan 263,0 so‘mga yoki 2,2 %ni tashkil qilgan)», deyiladi xabarda.
«O‘zbekneftgaz» AJ moliyaviy hisobotining auditori Ernst & Young kompaniyasi bo‘lgan.
Avvalroq «Kursiv» «O‘zbekneftgaz»ning 2023-yildagi moliyaviy natijalari haqida yozgan, biroq sabablari haqida ma’lumot berilmagan.