Joriy yilning ikkinchi choragida yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallash bilan bog‘liq 23,7 mingta, ya’ni 3 756,5 gektar holat aniqlandi. Bu haqda UzA Kadastr agentligi bergan axborotga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Agentlik tomonidan huquqbuzarlarga berilgan yozma ko‘rsatmalar natijasida 12,7 mingtasi, ya’ni 1 384,6 gektar ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi.
Shuningdek, noqonuniy qurilmalarning bartaraf etilishi yuzasidan 8562 ta 2 044,8 gektar holatda sudlarga da’vo arizalari taqdim etildi. Jinoyat alomatlari mavjud bo‘lgan 1,46 mingta 217,9 gektar ish hujjatlari prokuratura organlariga yetkazilishi ta’minlandi.
Shu bilan birga, 905 ta holatda yerlardan bemaqsad foydalanish holatlari aniqlandi. Bunday yerlarga bo‘lgan huquqlarni bekor qilish yuzasidan hokimliklarga 892 ta taqdimnoma, sudlarga 13 ta da’vo arizalari kiritildi.
Ma’lumot o‘rnida, yerga oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida ommaviy va ijtimoiy tarmoqlar orqali 2,7 mingta profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda yangi loyihalarni ishga tushirish uchun 175 gektar yer tadbirkorlarga berilishi haqida xabar bergan edik.