Cobalt 5-iyul kuni yana sotuvga chiqariladi
«UzAuto Motors» kompaniyasi Cobalt’ni yana sotuvga qo‘yishini ma’lum qildi. Kontraktatsiya 5-iyul kuni ochiladi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida kompaniya 25 mingta shartnoma tuzdi. Biroq ularning hammasi ham to‘lanmagan. Shu sababli avtomobillarning bir qismi kontraktatsiyaga qayta qoʻyiladi.
«5-iyul, juma kuni soat 10:00 da sotuv jarayonlari boshlanadi. Avtomobillarni xarid qilish uchun shartnoma tuzish faqat savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshirilishi mumkin», deyiladi avtomobil ishlab chiqaruvchisi xabarida.
Kompaniya avtomobillarni xarid qilish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov yetti kalendar kun ichida amalga oshirilishi kerakligini eslatdi. Aks holda shartnoma bekor qilinadi va mashinalar yana sotuvga chiqariladi.
Avvalroq «Kursiv» 21-iyun kuni 25 ming Cobalt avtomobili uchun shartnomalar qanday tuzilgani haqida yozgan edi. Savdo boshlanishida «UzAuto Motors» sayti texnik muammolarga duch keldi. Keyin tashkilot kiberhujumlar haqida xabar berdi. Shunga qaramay kun oxirigacha barcha shartnomalar tuzildi.
«Kursiv» shuningdek, yangi Cobalt qancha turadi, deb yozgan.