Ekologiya vazirligi xodimlarni ishdan bo‘shatish haqidagi ma’lumotga izoh berdi
O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hududiy boshqarmalar rahbarlari bilan qaytadan mehnat shartnomalarini imzolash bosqichida, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Vazirlik ushbu xodimlarning ishdan bo‘shatilgani haqidagi avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotga shunday izoh berdi.
Qoraqalpog‘iston Ekologiya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari rahbarlari bilan 2024-yil 1-apreldan 1-iyulgacha muddatli mehnat shartnomalari tuzildi. Hozir hujjatlar qayta imzolanmoqda.
«Mehnat kodeksining 113-moddasiga asosan, xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, muddatli mehnat shartnomasi, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, oʻz tashkiliy-huquqiy shakllaridan va mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar tashkilotlarning rahbarlari, rahbar oʻrinbosarlari va bosh buxgalterlari, shuningdek, ularning alohida boʻlinmalari rahbarlari bilan tuzilishi mumkinligi koʻrsatilgan», deya xulosa qiladi Ekologiya vazirligi.
Avvalroq «Kursiv» Iskandar Qutbiddinov O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish vazirining o‘rinbosari bo‘lgani haqida yozgan edi.