Oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi
Jismoniy tarbiya universiteti va Samarqand temir yoʻl texnikumiga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, departamentning Ohangaron tuman boʻlimi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, uni goʻyoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Jismoniy tarbiya va sport universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyishi evaziga $3,5 mingni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, yana bir holat departamentning Kattaqoʻrgʻon shahar boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahar temir yoʻl yuk hujjatlarini dasturga kiritish operatori fuqaroning ishonchiga kirib, uning farzandini tanishlari yordamida Samarqand temir yoʻl texnikumiga oʻqishga kiritib qoʻyishi evaziga $2 mingni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» haydovchilik guvohnomasini olib berishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlangani haqida xabar bergan edi.