2023-yilda nikoh tuzishlar soni bo‘yicha O‘zbekistonda oxirgi uch yildagi eng past ko‘rsatkich qayd etilgan. Bu haqdagi ma’lumotlarni Statistika agentligi e’lon qildi.
Unga ko‘ra, 2023-yilda O‘zRda jami 283,8 mingta nikoh tuzilgan. Solishtirish uchun, 2022-yilda – 296,7 mingta, 2021-yilda esa 305 mingdan ortiq nikoh tuzilgan. Hududlar kesimida qarasak, o‘tgan uch yilda Samarqand viloyatida eng ko‘p nikoh shartnomasi rasmiylashtirilgan. Ya’ni 2023-yilda 32 ming, 2022-yilda 34 ming, 2021-yilda 36 mingdan ortiq nikohlar tuzilgan. Nikoh eng kam tuzilgan viloyat Sirdaryo, 2023-yilda – 7,2 mingta, 2022-yilda – 7,7 mingta va 2021-yilda – 8,1 mingta nikoh ro‘yxatga olingan.
Ajrimlar esa yildan-yilga o‘sishda davom etgan. Birgina 2023-yil bo‘yicha 49,2 mingta ajrim holatlari qayd etilgan. 2022-yilda 48,7 mingta, 2021-yilda 39,35 mingta ajrim holati kuzatilgan. Ajrimlar soni bo‘yicha har uchala yilda ham Toshkent shahri 6 ming atrofi ajrimlar soni bilan yetakchilik qilgan. Ajrimlar soni eng kam kuzatilgan viloyat uchala yilda ham Navoiy viloyati (1,2 – 1,5 mingta) bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37,1 mln kishiga yaqinlashgani haqida yozgan edik.