Yangiliklar

Oʻzbekistonda iyun oyida qancha Kia, Chery va Haval avtomobillari sotilgani ma’lum boʻldi

Bu haqda "ADM Jizzakh Global" kompaniyasi axborot xizmati ma’lum qildi
Foto: ADM Jizzakh

Oʻzbekistonda 2024-yilning iyun oyida Kia, Chery va Haval brendlariga mansub 1894 dona avtomobil sotildi. Bu haqda «ADM Jizzakh Global» kompaniyasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur davr mobaynida eng koʻp — 1220 dona Kia avtomobillari sotilgan. Kia K5 sedani esa sotuvlar boʻyicha yetakchi boʻlib, jami 282 dona o‘z egalariga topshirilgan. Bu Kia brendiga mansub boʻlgan barcha modellarining 23 foizini tashkil qiladi.

Shuningdek, 463 dona Chery avtomobili sotilgan. Chery Tiggo 7 Pro krossoveri sotuvlarda yetakchilikka erishdi. Ushbu modeldan 256 dona sotilib, hisobot davrida ushbu marka umumiy sotuv hajmining 55 foiz tashkil etdi.

Haval brendiga mansub 211 dona avtomobil sotilgan. M6 SUV avtomobili 2024-yil 1-iyul sanasiga qadar tuzilgan shartnomalar soni boʻyicha 1-oʻrinni egallab, 142 dona avtomobil egalariga topshirildi.

Taqqoslash uchun joriy yilning may oyida Kia, Chery, Haval brendlariga mansub 2099 avtomobil sotilgan. Ulardan 1357 donasi Kia, 640 donasi Chery va 93 donasi Haval brendiga tegishlidir.

Ushbu statistik ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, iyun oyida may oyiga nisbatan ushbu brendlarning rasmiy distribyutori Kia va Chery avtomobillarini O‘zbekistonda mos ravishda 10% va 27,7% kamroq sotgan. Ammo Haval rusumli avtomashinalar savdosi ikki baravardan oshgan.

Avvalroq «Kursiv» Kia va BYD Oʻzbekiston avtomobil bozorida ikkinchi oʻrin uchun kurashayotgani haqida xabar bergan edi.