Xalqaro tashkilotlar noma’qul xorijliklarning O‘zbekistonga kirishini cheklovchi qonuniga e’tiroz bildirdi
20 dan ortiq xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston prezidentini respublikaning «Nomaqbul chet elliklar toʻgʻrisida»gi qonuniga veto qoʻyishga chaqirmoqda. Bu haqda «Civil Rights Defenders» tashkiloti xabar berdi.
2024-yil 27-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekistoda boʻlishini nomaqbul deb topish asoslari va tartibini belgilovchi qonun loyihasi uchinchi oʻqishda qabul qilingan edi. Ushbu qonun loyihasi «Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida»gi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi.
«Ushbu tuzatishlar so‘z erkinligi bo‘yicha xalqaro standartlarni qo‘pol ravishda buzadi va mamlakatni izolyatsiya qilish uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Biz zudlik bilan prezidentni ushbu taklifga veto qo‘yish va asosiy inson huquqlarini himoya qilishga chaqiramiz», deya ta’kidlaydi tashkilot.
Huquq himoyachilari yangi qonun xalqaro huquq himoyachilari, jurnalistlar, akademiklar, huquqshunoslar va tadqiqotchilarning mamlakatga kirishini taqiqlash uchun ishlatilishi mumkinligidan chuqur xavotirda. Ular qonun O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qiluvchi va huquqlar buzilishi, korruptsiya, hokimiyatni suiiste’mol qilish, ijtimoiy-siyosiy vaziyat, ayollar huquqlari, atrof-muhit va boshqa siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar haqida xabar bergan har qanday shaxsning kirishini taqiqlashidan qo‘rqishadi.
Shuningdek, tashkilot xabarida xorijliklarning kirishini taqiqlovchi qonunlarning qabul qilinishi Oʻzbekistondagi islohotlar, ochiqlik va xalqaro hamjamiyat bilan aloqa qilish siyosatidan keskin chekinishini anglatishini aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq chet elliklarning mamlakatga kirishini taqiqlovchi qonun haqida batafsil xabar qoldirgan edik.