Hokimlarning bir qator vakolatlari tugatilib, yangi vakolatlar berilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xabar berdi.
Muhokamadagi qonun loyihasiga koʻra, mahalliy davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari toʻgʻrisidagi ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, endi hokimlarning ayni bir vaqtda tegishli joylardagi vakillik hokimiyatini boshqarish vakolati tugatiladi. Hokimlarga mahalliy kengashlar sessiyasiga masala kiritish, sessiyasini chaqirish taklifini kiritish, qonunchilikka zid qarorlarini bekor qilish yuzasidan Senat yoki sudga murojaat yo‘llash kabi yangi vakolatlar beriladi.
Shuningdek, mahalliy kengashlarda deputatlar ichidan saylanadigan raislik qiladi. Hokimlarning mahalliy kengash deputatlari orasidan tayinlanishi va tasdiqlanishi haqidagi talab bekor qilinadi, ular deputat etib saylanishi mumkin bo‘ladi.
Hokim va mahalliy kengash tomonidan qabul qilinadigan hujjatlar mahalliy davlat hokimiyati organlari qabul qiladigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim bo‘ladi. Roʻyxatdan oʻtmagan hujjatlar haqiqiy deb hisoblanmaydi va huquqiy kuchga ega bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, qonun loyihasida mahalliy davlat hokimiyati organlari qabul qiladigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimiga mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari e’lon qilinadigan rasmiy manba maqomi berilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro tashkilotlar noma’qul xorijliklarning O‘zbekistonga kirishini cheklovchi qonuniga e’tiroz bildirgani haqida xabar bergan edik.