Energetika vazirligi: yaqin kelajakda qoʻllanilayotgan oylik 200 kVt·soatgacha bazaviy me’yor miqdori oshirilishiga asos mavjud emas

eʼlon qilindi
2024-yil iyun oyida 71 foiz aholi 200 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol qilgani aniqlangan
Foto: Minenergy.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda 2024-yil 1-maydan joriy qilingan elektr energiyasi iste’molining 200 kVt·soat oylik bazaviy me’yori keng tanqidlarga uchradi. Shu yuzasidan Energetika vazirligi rasmiy bayonot berdi.

Bayonotga ko‘ra,  ayni vaqtda 1 kVt·soat elektr energiyasining tannarxi 895 soʻmni (QQS bilan 1 002 soʻmni) tashkil qiladi. Ammo aholiga yetkazib berilayotgan har bir kVt·soat elektr energiya uchun bazaviy me’yor doirasida 552,4 soʻm (447,0 mlrd soʻm), 201 kVtdan 1000 kVt·soatgacha esa 102,1 soʻm (30,2 mlrd soʻm) davlat tomonidan qoplab berilayotgani ma’lum qilingan.

Shuningdek, 2024-yil iyun oyida 71 foiz aholi 200 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol qilgani aniqlangan. Bu iste’molchilarning 71 foizi belgilangan limit doirasidan chiqmaganini ko‘rsatgan. 22 foiz iste’molchi 201 kVt·soatdan 1000 kVtgacha iste’mol qilgan va 900 soʻmdan haq toʻlagan. Bunda elektr energiyasi iste’moli 201 kVt·soatdan 300 kVtgacha boʻlgan iste’molchilar salmogʻi 11 foizni tashkil etgan.

«Ma’lumot uchun: 300 kVt·soatgacha elektr energiyasi istemol qilganlar toʻliq 900 soʻmdan haq toʻlamaydi. Bunda 200 kVt·soatgacha 450 soʻmdan, qolgan 100 kVt·soatga 900 soʻmdan toʻlaydi. Yani 300 kVt elektr istemol qilganlarga nisbatan ham narxlar keskin oshmagan (bazaviy meyordan ortiqcha 100 kVt iste’mol uchun 45 000 soʻm (100*450) qoʻshimcha toʻlagan). Bunda ushbu 900 soʻmlik tarif ham elektr energiyasining tannarxidan kam», deydi vazirlik.

Shundan iste’molchilarning 71 foizi 200 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan va ular jami iste’molning 40 foizini tashkil etadi.

1 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish xarajatlari 741,93 soʻmni, transportirovka xarajati 57,8 soʻmni, taqsimlash va sotish xarajatlari 202,4 soʻmni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, yaqin kelajakda qoʻllanilayotgan oylik 200 kVt·soatgacha bazaviy me’yor miqdori oshirilishiga asos mavjud emasligini ta’kidlagan vazirlik o‘z bayonotida.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu «bazaviy me’yorlar» Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi 204-son qarori bilan tasdiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, sal oldinroq Energiya ishlab chiqarish va sotishda monopoliya boʻlmasligi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek