«Kapitalbank»ning sof foydasi 3,6 foizga oshdi
2024-yilning ikkinchi choragida «Kapitalbank»ning sof foydasi yillik 3,6 foiz oʻsishni tashkil etib, 712,3 milliard soʻmga yetdi. Bankning moliyaviy hisoboti Yagona korporativ axborot portalida e’lon qilindi.
Yil davomida «Kapitalbank»ning foiz daromadlari 4 trillion soʻmdan 5,5 trillion soʻmga, foizsiz daromadlari esa 1,2 trillion soʻmdan 1,5 trillion soʻmga oshdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga koʻra, 2024-yil 1-iyul holatiga koʻra, «Kapitalbank» Oʻzbekistondagi yirik banklarning faollik reytingida yetakchilik qilmoqda.
Joriy yilning iyul oyi boshida Fitch Ratings «Kapitalbank»ga «Barqaror» prognozi bilan «B» reytingini berdi.
Avvalroq «Kursiv» 2024-yilning birinchi choragida «Kapitalabank»ning sof foydasi 378,1 milliard soʻmni tashkil qilgani haqida xabar bergan edi.