Shavkat Mirziyoyev byudjet mablagʻlarining moliyaviy nazoratini kuchaytirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha topshiriqlar 2024-yil 16-yanvar kuni iqtisodiyotdagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan berilgan edi. Ushbu vazifani OʻzR Hisob palatasi amalga oshiradi. Hozirgi tizimda faqat byudjet va maqsadli jamgʻarmalar xarajati tashqi audit bilan qamrab olingan bo‘lib, jami xarajatlarning 86 foizini tashkil qiladi.
Hisob palatasi tomonidan konsolidatsiyalashgan byudjet ijrosini tashqi auditdan oʻtkazish taklif etilmoqda. Bu byudjetdan tashqari jamgʻarmalar hamda tashqi qarz hisobidan xarajatlarni ham qamrab olish imkonini beradi.
Shuningdek, Hisob palatasi faoliyatida davlat dasturlarini amalga oshirishda paydo bo‘ladigan xavflarni baholovchi strategik audit hamda davlat tashkilotlaridagi dasturiy ta’minotlar samaradorligi yuzasidan axborot texnologiyalari auditini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Mahalliy kengashlar byudjet muhokamasida asosan viloyat yoki tuman byudjeti bilan cheklanayapti. Bu esa har bir hududga manbalardan yo‘naltirilgan mablagʻlarning 65 – 70 foizi nazoratdan chetda qolayotganini anglatadi. Shundan kelib chiqib, Hisob palatasi byudjet jarayonini nafaqat Oliy Majlis palatalarida, balki mahalliy kengashlarda ham muhokama qilib borishi lozimligi ta’kidlandi.
Mamlakatimizda 30 mingga yaqin byudjet tashkilotlari mavjud. Ularni joyida oʻrganish koʻp vaqt va mablagʻ talab etadi. Shu bois Hisob palatasida «Masofaviy nazorat markazi» joriy etildi. Bu orqali 36 ta risk-tahlil mezonlari va indikatorlarini takomillashtirish zarurligi aytib o‘tildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fitch reytingida Oʻzbekistonni nima orqaga tortayotgani haqida yozgan edik.