Raqobat qo‘mitasi «Ipoteka-bank»ga nisbatan ish qoʻzgʻatdi. Bu haqda qo‘mita Telegram sahifasida xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Raqobat qoʻmitasi oʻz vakolatlari doirasida reklama axborotlarining qonun hujjatlar bilan mosligi borasida tekshiruv olib borgan. O‘rganish davomida «Ipoteka-bank»ning Instagram sahifasida «Super» nomli omonat turi boʻyicha yillik foiz stavkasi 26 foizdan ekanligi aytib o‘tilgan. Ammo ushbu ma‘lumot bankning internetdagi rasmiy sahifasida mijozlardan kassa orqali depozitga qabul qilingan naqd pul mablagʻlari boʻyicha dastlabki 3 oy uchun 26 foizdan va keyingi uch oy uchun 14 foizdan ekanligi yozib qo‘yilgan. Shuningdek, onlayn qabul qilingan depozit pul mablagʻlari boʻyicha esa 26,09 va 14 foizdan hisoblanishi ma’lum bo‘lgan.
Shundan kelib chiqib, «Super» nomli omonat turida faqatgina dastlabki 3 oy uchun 26 foizdan pul mablagʻlari berilishiga qaramay Instagram’dagi reklamada omonatning muhim shartlari aytib o‘tilmagan. Bu esa reklama tomoshabinlarini chalgʻituvchi yoki chalgʻitishga olib keluvchi holati anglanadi.
Ma‘lumot o‘rnida, OʻzRning «Reklama toʻgʻrisida»gi Qonunining 16-moddasi, 43-moddasi va Oʻzbekistonning «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi Qonunining 6-moddasi talablari buzilishi yuzasidan «Ipoteka-bank»ga nisbatan ish qoʻzgʻatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi «Maxam-Chirchiq» AJga nisbatan ish qo‘zg‘atgani haqida yozgan edik.