Alisher Qodirov: murg‘ak bolaga vahshiylik qilgan inson yashamasligi kerak
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov Toshkentda uch yoshli bolaning o‘ldirilishiga izoh berdi.
Voqea 10-iyul kuni ro‘y bergan, Toshkentda 30 yoshli erkak sherigining uch yoshli o‘g‘lini qasddan pichoqlab o‘ldirgan.
«Jinoyatni hammasi ham jinoyat, lekin murg‘ak bolaga vahshiylik qilgan inson yashamasligi kerak», dedi deputat.
Qodirov, shuningdek, 20 yoshli fuqaroning pichoq bilan 20 dan ortiq zarbalar olib, halok bo‘lishi bilan bog‘liq voqeaga ham to‘xtalib o‘tdi.
«Jinoyatchi sudda pushaymonligini aytib, 17 yilga qamaldi. 25 yoşli bu mahluq qamoqdan 42 yoshida jamiyatga kim bo‘lib qaytadi?», deya qo‘shimcha qildi deputat.
Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, soliq to‘lovchilar hisobidan «mahluqqa aylangan» jinoyatchilarni qo‘llab-quvvatlash mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
«Bu mahluqlar nafaqat bugun, balki kelajakdagi pro-mahluqlarga namuna-ustoz bo‘lib xizmat qilishini unutmaslik kerak», dedi Qodirov.
Avvalroq «Kursiv» 2023-yilda O‘zbekistonda 380 dan ortiq qotillik va suiqasd holatlari qayd etilgani haqida yozgan edi.