Investitsiyalar

Prezident Farg‘onada yangi loyihalar ishga tushirilishga start berdi

200 ta kichik va mikro GESlar barpo etiladi
Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida yangi korxonalarni ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident o‘z nutqida o‘tgan besh yil ichida Farg‘onada sanoat hajmi 1,3 barobarga ortganini ta’kidladi. Eksport hajmi esa 2 barobarga oshib, $722 mlnga yetgan.  2018-yilda viloyatda atigi $90 mln sarmoya o‘zlashtirilgan. 2023-yil $1,3 mlrdnni tashkil qilgan. 470 ta korxonalarda chet el kapitali ishtirok etgan. Hududda $6 mlrd qiymatdagi xorijiy investitsiyalar orqali 110 ta va $1,1 mlrdlik 22 ta mahalliy loyiha yo‘lga qo‘yish ishlari davom etmoqda. Bu orqali 20 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

«Ilgari viloyatda 6 ta loyiha qilish amri mahol edi. Bugun 6 milliard dollarlik loyihalar haqida gapirayapmiz. Nima uchun? O‘sdik, rivojlandik, investorlarni ishontirdik, sharoit yaratdik. Bunday ishlarni yana davom ettiramiz», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning kuni kecha qabul qilingan qaroriga binoan, Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi Quvasoy shahri bo‘ylab 210 gektargacha yetkaziladi. Unda $1 mlrd qiymatdagi 185 ta loyiha yo‘lga qo‘yiladi va 12 mingta ish o‘rni yaratiladi. Qo‘qon shahrida 230 gektar maydonda «O‘zbekiston – Xitoy» maxsus sanoat zonasi quriladi.

Ochilish marosimidagi yana to‘rtta loyiha energetika sohasiga doir. Jumladan, Beshariq tumanida quyosh elektr stansiyasi, O‘zbekiston tumanida elektr energiyasini saqlash tizimi, Farg‘ona tumanida kichik gidroelektr stansiyalari.  Sohada suv resurslaridan samarali foydalanish yo‘nalishi ham bor. O‘tgan yetti yilda 630 million dollar investitsiya hisobiga 400 megavattdan ortiq yangi quvvatlar shakllantirildi va gidroelektr stansiyalar quvvati 2,2 gigavattga oshirildi.

Shuningdek, yurtimizda 56 megavatt quvvatli 200 ta kichik va mikro GESlar qurish yuzasidan maxsus dastur qabul qilindi. Bundan Farg‘ona tumanida 2 ta kichik GES qurildi. Birinchisi, 2,2 megavattli Shohimardon qishlog‘ida qurilgan bo‘lsa, keyingisi Yuqori Vodil qishlog‘idagi 430 kilovattli stansiyalardir.

Shavkat Mirziyoyev marosimda ramziy tugmani bosdi va tayyor bo‘lgan korxonalar faoliyati bilan birga yangi loyihalar qurilishiga ham start berdi.