O‘zbekistonda kimyo sanoati qanday rivojlanmoqda

eʼlon qilindi ( yangilandi)
So‘nggi besh yilda bu sohada mahsulot ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 barobarga oshdi
Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga safari doirasida «Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals» korxonasiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Mamlakatimizda kimyo sanoati jadal rivojlanmoqda. So‘nggi besh yilda bu sohada mahsulot ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 barobarga oshib, 45 trillion so‘mga yetdi. Xususan, yangi quvvatlar hisobiga mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmi 17 foizga ko‘payib, yiliga 1,4 million tonnadan oshdi. Bunda samarali investitsiya loyihalari katta o‘rin tutmoqda», deyiladi xabarda.

2019-yilda sobiq Qo‘qon superfosfat zavodi o‘rnida Singapurning «Indorama Holdings BV» kompaniyasi negizida «Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals» korxonasi ochildi. Unga $70 million xorijiy investitsiya yo‘naltirildi. Hududda yangi 150 ta ish o‘rni yaratisha erishildi.

2021-yilga kelib, ammoniylashgan superfosfat, suvda tez eruvchan kompleks mineral o‘g‘itlar, azot-fosfor-kaliyli (NPK) mineral o‘g‘itlarni ishlab chiqarish boshlandi. Korxona quvvati yillik 450 ming tonnaga ko‘tarildi. Mahsulot tannarxini barqaror saqlash uchun xomashyolar mahalliy korxonalardan keltiriladi. Jumladan, fosforit uni Qizilqumdan, sulfat kislotasi Olmaliqdan, ammoniy sulfat Chirchiqdan, ammiak «Farg‘onaazot» va «Navoiyazot»dan olib kelinadi. Elektr energiyasi va tabiiy gaz xarajatlarini 35-40 % qisqardi. Ikki bosqichli tozalash uskunalarining to‘rt bosqichlisiga o‘zgartirilgani atrof-muhitni ifloslantirmaslikka yordam beradi.

Shavkat Mirziyoyev zavoddagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Zavodning yirik kimyo klasteriga aylangani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, korxona xodimlariga zamonaviy turarjoy, maktab va shifoxonalar qurish bo‘yicha fikr almashildi.

Keyingi bosqichlarda kaliy sulfat, sulfat kislotasi, ammoniy-xlorid, mono fosfat, dikalsiy fosfat, kaliy-nitrat, azot-fosfor-kaliyli kompleks mineral o‘g‘it, kalsiy xlorid, mono ammoniy fosfat, mono kaliy fosfatlar ishlab chiqarish boshlanadi. Kelgusida yana 350 ga yaqin ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq prezidentning qayta ochilgan Qoʻqon aeroportiga tashrifi haqida yozgan edik.

Shuningdek