Qayta ochilgan Qoʻqon aeroportiga prezident samolyoti ilk bor qoʻndi – foto

Bugun, 11-iyul kuni yangidan ochilgan Qoʻqon aeroportiga Oʻzbekiston prezidentining samolyoti ilk bor qoʻndi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur aeroport 1977-yilda qurilgan boʻlib, yaqin yoʻnalishlarga parvozlar amalga oshirilgan. Keyinchalik faqat harbiy havo kuchlari tomonidan foydalanilgan. Modernizatsiya natijasida ushbu aeroport orqali yana fuqaro aviatsiyasi parvozlari yoʻlga qoʻyildi.

Aeroportda 100 nafar yoʻlovchiga moʻljallangan yangi terminal qurilgan, uchish-qoʻnish yoʻlagi qoplamasi ta’mirlangan. Zamonaviy aeronavigatsiya uskunalari oʻrnatilgan. Bu ishlar natijasida aeroport A 320-200 va ATR 72-600 rusumli samolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega boʻldi.

O‘zbekistonda transport infratuzilmasi sohasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Birgina havo yoʻllari tarmogʻida Samarqand, Termiz, Moʻynoq, Zomin aeroportlari yangilanib, ishga tushirildi.
Avvalroq «Kursiv» 2024-yilning birinchi yarimida Oʻzbekiston aeroportlari orqali yoʻlovchilar oqimi 36 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.