Yangiliklar

«O‘zbekkosmos» dalalarda somon noqonuniy yoqib yuborilganini aniqladi

Holat yuzasidan choralar ko‘rilishi uchun aniqlangan ma’lumotlar vakolatli organlarga taqdim etildi
Foto: «O‘zbekkosmos»

«O‘zbekkosmos» tomonida olib borilgan kosmik monitoring natijasi e‘lon qilindi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifalarida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, 2024-yilning iyul oyiga qadar mamlakatimiz bo‘ylab umumiy 23 ming 273 gektarlik boshoqli don ekinlaridan boʻshagan yer maydonlarida 1 ming 960 ta yong‘inli holat aniqlandi. Ushbu yong‘inlar somon poyalari va ularning qoldiqlari yonishi bilan bogʻliq, deyilgan xabarda. Holat yuzasidan choralar ko‘rilishi uchun aniqlangan ma’lumotlar vakolatli organlarga taqdim etildi.

Ma’lumot uchun, gʻalladan boʻshagan yerlarda somon poyasini yoqqan shaxslarga nisbatan OʻzR MJTKning 88-moddasi 3-qismi bilan BHMning uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravardan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solinadi. Yerga va oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zararlar o‘rganilib, qonun doirasida undirib olinadi.

Qayd etish joizki, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati hamda strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish «O‘zbekkosmos»ning asosiy vazifalari hisoblanadi.