Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko koʻchasi gastronomik koʻchaga aylantiriladi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
13-iyul kuni, tuman hokimi Anvar Sayfutdinov Taras Shevchenko koʻchasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Uchrashuvda ushbu turistik koʻchaning ishga tushirilishi tadbirkorlarning daromad manbaini oshishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bunyodkorlik ishlari davomida Taras Shevchenko koʻchasida yoritish ustunlarini oʻrnatish, oʻrindiqlar, daraxt koʻchatlari oʻtqazish, sugʻorish tizimlarini oʻrnatish, audio musiqa tizimini tashkil etish, dekorativ arka va ustunlar oʻrnatish kabi ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» Yashnobod tumanida birinchi gastronomik Koʻcha tashkil qilinishi haqida xabar bergan edi.